Ilk qadam kutubxonadan boshlandi

Institutga orzu-istaklar bilan qadam qo‘yib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazib talaba bo‘lishdek sharafga erishgan bir guruh yoshlarning quvonchi bugun cheksiz. Ular kuni kecha Rektorimiz O‘. Umurzakovning tabriklaridan ruhlanib, o‘zlari ta’lim oladigan institut bilan tanishishni diliga tukkan edilar. Bugun birinchi bosqich talabalaridan ayrim guruhlar birinchi qadamini institut axborot resurs markazidan, institut kutubxonasidan boshlashdi. Ular birin-ketin o‘z kursi rahbarlari bilan ARMga qadam ranjida qilishdi.

QXM fakulteti “Traktor va avtomabillar” kafedrasi dos. t.f.n I.R Nuritov rahbarligidagi  105- guruh talabalari,  GM fakulteti “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi ass. Dilbar Abduraimova (sxm) rahbarligidagi 103- guruh talabalari, GM fakulteti “Gidrologiya va gidrogeologiya” kafedrasi ass. D. Quvvatov (DSOG) rahbarligidagi 108- guruh talabalari,  GM fakulteti “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi ass. Sh. Mardiev (sxm) boshchiligidagi 102- guruh talabalariga ma’lumot berildi.

So‘ngra rektorimiz tashabbusi bilan ochilgan GM fakulteti “Gidromelioratsiya yo‘nalishi suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalari ulardan foydalanish” yo‘nalishi 107-guruh talabalari murabbiy ass. Sanobar Do‘stnazarova rahbarligida kelib “Kitobimiz – xitobimiz” mavzuidagi suhbatdan bahramand bo‘lishdi.

Ularga institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov inson hayotida kitobning o‘rni borasida qimmatli mulohazalarini bildirdi. Kutubxona ularning bilimlarini oshirish va mustahkamlash uchun muhim ma’rifiy maskan ekanligini e’tirof etdi. So‘ngra har kuni dars mashg‘ulotlaridan oldin yoxud keyin kutubxonaga kelishni kanda qilmaydigan talaba albatta a’lo baholar bilan o‘qishi va institutimz faxriga aylanishi borasida so‘z yuritdi.

Institutda talabalarning intellektual salohiyatini oshirish va sinashga qaratilgan “IQ-SHOU” musobaqaviy dasturida g‘olib jamoa bo‘lish uchun ham kitob titkilash, o‘qish zarurligini uqtirdi. “Ibratli, ijodkor insonlar” ruknida taniqli shaxslar, olim va san’atkorlar bilan muntazam ravishda ijodiy muloqotlar o‘tkazib turilishini ham qayd etdi. Bu esa sizlarning qiziqish doirangizni yanada kengaytiradi.

Bilim manbai kitob, uni sevish haqidagi ulug‘ haqiqatni bilamiz. Shunday ekan, kitobga oshnalik - ma’rifatga tashnalik demakdir. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev haqli ravishda “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham millatning ham kelajagi yo‘q”, - deya bejiz aytmaganlar. Kitob mutolaasi insonni kamolotga, kengqamrovli bilimga yetaklaydi. Olam va odam sirlarini anglashdek ma’naviy ehtiyoj ham asli kitobdan. Har qanday yurtning iqboli va porloq istiqboli ham, kitobxon va ma’rifatli xalqi bilan ekanligi oynadek ravshan. Savodxon va ma’naviyatli insonlargina o‘z mamlakatining rivojlanishiga munosib hissasini qo‘sha oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham xuddi shu maqsadga yo‘naltirilgan. Prezidentimiz har bir yosh avlodning kelajagi uchun qayg‘urishlari asnosida barchani ommaviy kitobxonlikka da’vat etishi eng xayrli ish va ma’rifiy maqsaddir. Ularning tashabbus va tashkilotchiliklarini qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘zlari  tahsil olgan va faoliyat yuritgan mazkur ta’lim muassasasida “Kitob dunyosi” nomli kitoblar xazinasi, aytish mumkinki, kitob do‘koni bugundan ishga tushiriladi. Buni ayni paytda, yuqorida qayd etilgan qarorning ijrosini ta’minlash borasidagi sa’yi harakatlarimizdandir.

Rektorimiz tashabbusi bilan yangi o‘quv yili oldidan sizlarga tuhfa sifatida ochilayotgan “Kitoblar dunyosi” ham sizning ruhiy-ma’naviy ehtiyojingizni qoplashga, aqliy, ya’ni intellektual salohiyatingizni oshirishga xizmat qiladi. Bu yerda turli sohaga daxldor ilmiy, nazariy kitoblar ham, turli nashriyotlarda chop etilgan publitsistik va badiiy adabiyotlar ham o‘rin olgan.

Mutolaadan maqsad mulohaza va mushohada, o‘qishdan maqsad uqishdir. Anglab, fikr yuritib o‘qilgan kitobning inson uchun o‘zligi va so‘zligi uchun qiymati cheksiz. Shuning uchun ham Deni Didro “Kimki kitob o‘qishdan to‘xtasa, bilingki, u fikrlashdan ham to‘xtabdi”, - degan edi. Insonning tafakkuri va nutqining o‘sishi ham kitob mutolaa qilishi bilan bog‘liq. O‘z nutqini emin-erkin yetkazish, notiqlik mahoratini egallash ham kitob o‘qishdek zavq-shavqdan tug‘iladi. Kitobxongina emas, balki kitobsevar bo‘lish har bir talaba uchun farzu qarz.

 

 

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti